Ma'lumotnoma namunasi (ish joyidan)
Ma'lumotnoma — faktni tasdiqlovchi rasmiy spravka: xodim shu yerda ishlaydi, maoshi shuncha. Bank, elchixona va davlat idoralari aynan shu shaklni so'raydi.
Namunadagi kulrang yozuvlar — misol. Chap tomondagi maydonlarni to'ldirsangiz, hujjat o'z ma'lumotlaringiz bilan yig'iladi. Hech narsa serverga yuborilmaydi.
To'ldirish
Qanday yoziladi
- Ma'lumotnomani kadrlar bo'limi yoki hisobxona tayyorlaydi — xodim faqat so'rov beradi.
- Hujjatga chiquvchi raqam beriladi va u maxsus jurnalda qayd etiladi.
- Matnda fakt tasdiqlanadi: F.I.Sh., ish joyi, qachondan buyon, lavozim. Bank uchun oylik ish haqi ham ko'rsatiladi.
- Oxirida qayerga taqdim etilishi yoziladi: aniq muassasa nomi yoki «talab qilingan joyga».
- Rahbar imzolaydi, muhr bosiladi. Muhrsiz ma'lumotnoma ko'p idoralarda qabul qilinmaydi.
Ish joyidan ma'lumotnoma eng ko'p uch holatda so'raladi: bank krediti rasmiylashtirishda, viza uchun elchixonaga va davlat idoralariga (sud, vasiylik, subsidiya). Har biriga mazmun ozgina moslanadi:
- bankka — lavozim, ish staji va oylik ish haqi majburiy; ayrim banklar oxirgi 6 yoki 12 oy maosh bo'yicha alohida jadval so'raydi;
- elchixonaga — lavozim, ishga kirgan sana, maosh va «mehnat ta'tili davrida ish joyi saqlanadi» degan qo'shimcha yozuv foydali;
- davlat idoralariga — odatda faqat ish fakti tasdiqlanadi, maosh talab qilinmaydi.
Ma'lumotnoma tashkilot blankida rasmiylashtirilgani ma'qul: blankda rekvizitlar (STIR, manzil, telefon) tayyor turadi va qabul qiluvchi idora tashkilot bilan bog'lana oladi. Blanksiz variantda rekvizitlarni matn ostiga qo'shib yozing.
Amal qilish muddati qonunda belgilanmagan, ammo banklar odatda 15–30 kunlik, elchixonalar bir oylik hujjatni qabul qiladi. Shuning uchun ma'lumotnomani topshirishdan sal oldin oling.
Ko'p so'raladigan savollar
Ma'lumotnomani qancha muddatda berishadi?
Mehnat kodeksiga ko'ra ish beruvchi xodim so'ragan ish faoliyatiga oid hujjatni uch kun ichida berishi kerak.
Ish haqini ko'rsatish majburiymi?
Talabga bog'liq: bank va elchixona maoshni so'raydi, boshqa idoralarga faqat ish fakti yetadi. Maydonni bo'sh qoldirsangiz, satr procherk bilan chiqadi.
Elektron ma'lumotnoma qabul qilinadimi?
Ko'p idoralar my.mehnat.uz yoki my.gov.uz orqali olingan elektron spravkalarni qabul qiladi. Shunga qaramay, banklar ko'pincha muhrli qog'oz nusxani so'raydi.
Ishlamayotgan odam qayerdan ma'lumotnoma oladi?
Ish fakti bo'lmasa, bandlik organidan ishsizlik maqomi haqida yoki mahalladan yashash joyi haqida spravka olinadi — bu boshqa turdagi hujjatlar.